Ish shartlari

Orqaga qaytish

OMMAVIY OFERTA

Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq faoliyat yurituvchi, bundan buyon "Ijrochi" deb ataluvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxs hamda mazkur ofertaning shartlarini qabul qilgan (aksept qilgan) har qanday jismoniy shaxs, bundan buyon "Xaridor" deb ataluvchi shaxs o‘rtasida oldi-sotdi shartnomasini tuzish bo‘yicha rasmiy taklif (oferta) hisoblanadi.

Mazkur ofertaning shartlari tovar uchun to‘lovni amalga oshirish, buyurtmani sayt, ijtimoiy tarmoqlar yoki Ijrochining messenjerlari orqali rasmiylashtirish orqali qabul qilingan hisoblanadi.

 

1. UMUMIY QOIDALAR

1.1. Mazkur oferta O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367–370-moddalariga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, Ijrochi va Xaridor o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

1.2. Mazkur ommaviy oferta Ijrochidan tovar sotib olish niyatida bo‘lgan har qanday muomala layoqatiga ega shaxsga qaratilgan.

1.3. Xaridor tomonidan tovar uchun to‘lovni amalga oshirish mazkur ofertaning barcha shartlarini to‘liq va so‘zsiz qabul qilganlik (aksept) hisoblanadi.

1.4. Aksept amalga oshirilgan paytdan boshlab Ijrochi va Xaridor o‘rtasida oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan hisoblanadi.

1.5. Ijrochi mazkur oferta shartlariga o‘zgartirish kiritish huquqiga ega. Ofertaning amaldagi tahriri doimo Ijrochining rasmiy sahifasida joylashtiriladi.

 

2. SHARTNOMA PREDMETI

2.1. Ijrochi Xaridorga sifati tegishli bo‘lgan, assortimenti va tavsifi sayt, ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlarda ko‘rsatilgan tovarni topshirish majburiyatini oladi, Xaridor esa ushbu tovarni qabul qilish va uning haqini to‘lash majburiyatini oladi.

2.2. Barcha mahsulotlar cheklangan miqdorda yoki dona hisobida ishlab chiqariladi va saytda ko‘rsatilgan tasvirlardan biroz farq qilishi mumkin.

2.3. Tovarning rangi, o‘lchami va tashqi ko‘rinishi Xaridor foydalanayotgan qurilma xususiyatlariga qarab biroz farq qilishi mumkin.

2.4. Ijrochi tomonidan taklif etilayotgan barcha mahsulotlar tayyor shablonlar asosida tayyorlanadi va individual dizayn mahsuloti hisoblanmaydi.

Ijrochi individual buyurtmalarni qabul qilmaydi hamda Xaridor iltimosiga ko‘ra mahsulot dizayni, matni yoki bezagini o‘zgartirmaydi.

 

3. TOVAR NARXI VA TO‘LOV TARTIBI

3.1. Tovar narxlari O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasi — so‘mda ko‘rsatiladi va buyurtma rasmiylashtirilgan paytda amal qiladi.

3.2. Tovar uchun to‘lov 100% oldindan to‘lov shaklida (O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 420-moddasiga muvofiq) bank kartasiga P2P o‘tkazmasi yoki Click, Payme, Uzum va boshqa mavjud to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.

3.3. Buyurtma faqat to‘liq to‘lov Ijrochi hisobiga kelib tushganidan keyin ishga qabul qilinadi.

3.4. Tovar uchun to‘lovni amalga oshirish Xaridorning mazkur oferta shartlariga to‘liq roziligini hamda tanlangan tovarning to‘g‘riligini tasdiqlaydi.

3.5. To‘lov olingandan so‘ng Ijrochi buyurtmani tasdiqlaydi va belgilangan muddatlarda uni tayyorlash hamda topshirishga kirishadi.

 

4. YETKAZIB BERISH VA TOVARNI QABUL QILISH

4.1. Yetkazib berish quyidagicha amalga oshiriladi:

Toshkent shahri bo‘yicha — "Yandex Delivery" kuryer xizmati orqali;

O‘zbekiston Respublikasi hududlari bo‘yicha — BTS pochta xizmati orqali.

4.2. Yetkazib berish muddati va usuli buyurtma rasmiylashtirilayotganda ko‘rsatiladi yoki alohida kelishiladi.

4.3. Tovarning tasodifan yo‘qolishi yoki shikastlanishi xavfi tovar kuryer yoki pochta xizmatiga topshirilgan paytdan yoki Xaridorga shaxsan topshirilgan paytdan boshlab Xaridorga o‘tadi.

 

5. TOVARNI QAYTARISH VA ALMASHTIRISH

5.1. Tovarni qaytarish va almashtirish O‘zbekiston Respublikasining "Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonunining 18-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan Chakana savdo qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

5.2. Xaridor quyidagi shartlar bajarilgan taqdirda sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilingan kundan boshlab 10 (o‘n) kalendar kuni ichida qaytarish yoki almashtirish huquqiga ega:

— tovar foydalanilmagan bo‘lsa;

— tovarning tashqi ko‘rinishi, qadoqlanishi, plombalari va yorliqlari saqlangan bo‘lsa;

— xaridni tasdiqlovchi hujjatlar (chek, yozishmalar yoki to‘lov skrinshoti) mavjud bo‘lsa.

5.3. Xaridorning shaxsiy ma’lumotlari (ism, fotosurat, matn va boshqalar) asosida tayyorlangan mahsulotlar, ishlab chiqarish nuqsoni aniqlanmagan taqdirda, qaytarilmaydi va almashtirilmaydi.

5.4. Ishlab chiqarish nuqsoni aniqlanganda Xaridor mahsulotni olgan kundan boshlab 3 (uch) kalendar kuni ichida foto yoki video dalillarni ilova qilgan holda Ijrochini xabardor qilishi shart.

5.5. Nuqson tasdiqlangan taqdirda mablag‘ 10 (o‘n) ish kuni ichida to‘lov amalga oshirilgan usul orqali qaytariladi.

 

6. TOMONLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

6.1. Ijrochi majburiyatlari:

— to‘langan mahsulotni belgilangan muddatda topshirish;

— mahsulot haqida ishonchli ma’lumot taqdim etish;

— Xaridorning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish.

6.2. Xaridor majburiyatlari:

— aloqa va yetkazib berish uchun to‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etish;

— tovar narxini belgilangan tartibda to‘lash;

— mahsulotni olganda uning komplektligi va sifatini tekshirish.

 

7. TOMONLARNING JAVOBGARLIGI

7.1. Tomonlar majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgar bo‘ladilar.

7.2. Xaridor noto‘g‘ri ma’lumot berganligi sababli yetkazib berish amalga oshmagan taqdirda Ijrochi javobgar hisoblanmaydi.

7.3. Agar mahsulot kuryer yoki pochta xizmatiga o‘z vaqtida va butun holatda topshirilgan bo‘lsa, Ijrochi ushbu xizmatlarning harakatlari uchun javobgar emas.

 

8. MAXFIYLIK

8.1. Xaridorning shaxsiy ma’lumotlari faqat buyurtmani rasmiylashtirish va bajarish maqsadida foydalaniladi hamda qonunchilikda nazarda tutilgan hollardan tashqari uchinchi shaxslarga berilmaydi.

8.2. Buyurtma rasmiylashtirish orqali Xaridor o‘z shaxsiy ma’lumotlariga ishlov berilishiga rozilik bildiradi.

 

9. FORS-MAJOR

9.1. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan yengib bo‘lmaydigan kuch (fors-major) holatlari yuzaga kelgan taqdirda tomonlar shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni qisman yoki to‘liq bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod qilinadilar.

 

10. YAKUNIY QOIDALAR

10.1. Mazkur oferta e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi va muddatsiz amal qiladi.

10.2. Xaridor tomonidan to‘lov amalga oshirilishi mazkur ofertaning aksepti hamda oldi-sotdi shartnomasi tuzilganligini anglatadi.

10.3. Mazkur oferta bilan tartibga solinmagan barcha masalalarda tomonlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga amal qiladilar.

 

 

Umumiy shartlar

  1. Biz individual dizayn tayyorlamaymiz. Faqat o‘z shablonlarimiz asosida ishlaymiz. Mijoz katalogdagi dizaynni tanlaydi va kerakli ma’lumotlarni (fotosuratlar, ism, matn va boshqalar) taqdim etadi.
  2. Faqat 100% oldindan to‘lov asosida ishlaymiz. To‘lov amalga oshirilmaguncha buyurtma ishlab chiqarishga qabul qilinmaydi.
  3. Chegirmalar taqdim etilmaydi. Barcha mahsulotlarimiz uchun adolatli va hamma uchun bir xil narxlar belgilangan. Aksiyalar va chegirmalar bo‘lsa, ular barcha mijozlar uchun amal qiladi va bu haqda oldindan e’lon qilinadi.
  4. Biz mijozlar bilan halol va hurmat asosida ishlaymiz. Qo‘pol muomala yoki haqoratli munosabat bildirgan mijozlar qora ro‘yxatga kiritiladi.
  5. Mijozlar yuborgan fotosuratlarga retush yoki qo‘shimcha tahrirlash ishlari amalga oshirilmaydi.
  6. Fotosuratlar bilan faqat ayol xodim ishlaydi. Shu sababli hijobdagi yoki yopinib yuradigan qizlar fotosuratlarini bemalol yuborishlari mumkin.
  7. Mijozlar yuborgan barcha fotosuratlar buyurtma bajarilgandan so‘ng o‘chirib tashlanadi. Ular bizda saqlanmaydi.
  8. Buyurtma berishda mijoz oldindan fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqlarimizda e’lon qilmaslikni so‘rashi mumkin. Bunday hollarda buyurtma suratga olinmaydi va hech qayerda e’lon qilinmaydi.

Prujinali albomlarni saqlash qoidalari

 

Quruq joyda saqlang. Laminatsiya albom muqovasini himoya qiladi, ammo ichki sahifalar namlikdan oson shikastlanishi mumkin. Baby Book'ni namligi yuqori bo‘lgan xonalarda saqlash tavsiya etilmaydi.

 

Quyosh nurlaridan himoya qiling. Muqova va qog‘ozning rangi o‘chib ketmasligi uchun albomni to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari tushmaydigan joyda saqlang.

 

Shaklini saqlang. Albomni bukmaslikka harakat qiling — bu laminatsiya va prujinaning shikastlanishiga olib kelishi mumkin. Baby Book ustiga og‘ir buyumlarni qo‘ymang.

 

Bolalar ololmaydigan joyda saqlang. Baby Book'ni bola yetolmaydigan javon yoki shkafga qo‘ying. Bu tasodifiy shikastlanishlar, yirtilgan sahifalar va bezak elementlarining yo‘qolishining oldini oladi.

 

Gorizontal holatda saqlang. Bu sahifalarning egilib qolishi va muqovaning shikastlanishining oldini oladi.

Fotosuratlarni saqlash qoidalari

 

Quyosh nurlaridan himoya qiling. Uzoq vaqt davomida ultrabinafsha nurlar ta'sirida qolishi fotosurat ranglarining xiralashishiga olib kelishi mumkin.

 

Quruq joyda saqlang. Yuqori namlik qog‘ozda dog‘lar paydo bo‘lishi va uning deformatsiyalanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

 

Suv bilan aloqa qilishiga yo‘l qo‘ymang. Hatto oz miqdordagi namlik ham fotosuratga zarar yetkazishi mumkin.

 

Jismoniy ta'sirni cheklang. Haddan tashqari bukish, tirnalish yoki bosim fotosuratni shikastlashi mumkin.

 

Albom yoki ramkalardan foydalaning. Bu fotosuratlarni chang, ifloslanish va mexanik shikastlanishlardan himoya qiladi.

 

Issiqlik manbalaridan uzoqda saqlang. Yuqori harorat fotosuratning deformatsiyalanishiga va tasvir sifatining yomonlashishiga olib kelishi mumkin.